info@handicrafters.uz
Festival
Qo'qon

Festivalga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

handicrafters.uz > Yangiliklar > Festival > Festivalga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

Shahrimizda Xalqaro Hunarmandchilik festivali matbuot markazida respublika “Hunarmand“ uyushmasi, shahar hokimligi, Moliya, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Turizmni rivojlantirish…

Shahrimizda Xalqaro Hunarmandchilik festivali matbuot markazida respublika “Hunarmand“ uyushmasi, shahar hokimligi, Moliya, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va boshqa tegishli tashkilotlar mas’ullari, Farg‘ona viloyatida faoliyat yuritayotgan tahririyatlar jurnalistlari, hunarmandlar vakillari ishtirokida respublika matbuot anjumani o‘tkazildi.

Dastlab anjuman ishtirokchilari matbuot markazida tashkil etilgan hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdilar.

Matbuot anjumanida YUNESKO shafeligida o‘tkaziladigan mazkur festivalda 72 ta davlatdan kelgan 205 nafar xorijiy hunarmand va mamlakatimizning barcha viloyatlaridan 1100 nafardan ziyod ustalar ishtirok etib, 24 ta hunar turi bo‘yicha mahoratlarini namoyish qilishlari, Jahon Hunarmandlari Kongressining Osiyo Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha prezidenti Gada Hijjavi- Kaddumi, “International falk-art market (IFAM)” tashkiloti rahbari Djeyn Reyd, YUNESKONING O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Fuad Pashayev kabi yuqori martabali mehmonlar ishtirok etishi xususida so‘z bordi.

Festival tadbirlari doirasida Qo‘qon musiqali drama teatri binosida «Hunarmandchilik va xalq amaliy san’atini rivojlantirish istiqbollari» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya ham o‘tkazilishi, unda 23 davlatdan 32 nafar olimlar ishtirok etishi kutilayotgani ma’lum qilindi. Sohaga oid akademik va professor olimlar jalb etilib, uch tilda festivalga bag‘ishlangan «O‘zbekiston hunarmandchiligi durdonalari» nomli albom katalog tayyorlanayotgani, ushbu albomga Muhtaram Prezidentimiz so‘zboshi yozishi kutilayotgani e’tirof etildi.

Anjumanda shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov festivalga shahrimizda katta tayyogarlik ishlari amalga oshirilayotgani va 15 avgustga qadar festivalni yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilishi, mehmonlar munosib kutib olinishi, iqtisodiyotimizda muhim o‘rin tutadigan hunarmandchilikni yanada rivojlantirish asosiy maqsad ekanligini ta’kidladi. Hunarmandchilik mahsulotlaridan nafaqat ko‘rgazmalarda va badiiy san’at namoyishida foydalanish, balki xo‘jalikda keng ishlatish maqsadga muvofiqligini aytib o‘tdi.

Xalqaro Hunarmandchilik festivali matbuot markazi rahbari Sobirjon Shukurov O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida uch tilda festival veb-sayti (http://handicrafters.uz) yaratilgani, unga festival, milliy hunarmandchilik, hunarmandlar, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqidagi ma’lumotlar joylashtirilayotganini bildirdi. Barcha xorijiy mehmon va ishtirokchilarga rasmiy taklifnomalar jo‘natilganligini ma’lum qildi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, festival doirasida “Hunarmandchilik va xalq amaliy san’atini rivojlantirish istiqbollari“ mavzuida o‘tkaziladigan konferensiyaning ikki kunlik dasturi va konsepsiyasi ishlab chiqildi. Festivalda ishtirok etish uchun 11 xorijiy ommaviy axborot vositasi vakili ro‘yxatdan o‘tdi. Festivalda ishtirok etish uchun respublikamizning 153 tumanidan 1116 hunarmand va 87 tashkilotchining ro‘yxati shakllantirildi. Mahalliy ishtirokchilar uchun Qo‘qon davlat pedagogika instituti va 3 kasb-hunar kolleji yotoqxonalarini tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Xorijiy ishtirokchilar uchun ovqatlanish joylari, mehmonxonalar tayyorlanmoqda.

Farg‘ona viloyati hokimligi va tegishli tashkilotlar mas’ullari ishtirokida Toshkent, Namangan, Farg‘ona viloyatlari aeroportlari va temir yo‘l vokzallarida doimiy navbatchilik tashkil qilingan. Viloyat hokimligi tomonidan mehmonlarni kutib olish, joylashtirish va kuzatish bo‘yicha ishchi guruhlar shakllantirilgan.

Anjumanda Qo‘qon shahrida «Xavfsiz shahar» konsepsiyasi doirasida qilinayotgan ishlar haqida ham ma’lumotlar berildi. Matbuot anjumanida ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari vakillari va hunarmandlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi. Festivalga tayyorgarlik ishlari doirasida tarixiy obidalarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdilar.