info@handicrafters.uz
Festival
Qo'qon

Qo‘qon muzeyi dunyoga milliy hunarmandchilikni tanitmoqda

handicrafters.uz > Yangiliklar > Festival > Qo‘qon muzeyi dunyoga milliy hunarmandchilikni tanitmoqda

Qo‘qon shahri deganda barchaning ko‘z o‘ngida Xudoyorxon o‘rdasi gavdalanadi. Bu bejiz emas, albatta. Shaharning ramziga aylangan bu tarixiy yodgorlik yanada…

Qo‘qon shahri deganda barchaning ko‘z o‘ngida Xudoyorxon o‘rdasi gavdalanadi. Bu bejiz emas, albatta. Shaharning ramziga aylangan bu tarixiy yodgorlik yanada ko‘rkam qiyofaga kirgan. Ko‘hna shahar markazidagi tepalikda barpo etilgan ushbu ulkan saroy XIX asr me’morchilik yodgorliklari ichida ko‘rkamligi va ulug‘vorligi bilan ajralib turadi. Uning xonalari ichki manzarasi betakror bir badiiy asardek tuyuladi.

O‘rdaning bezak ishlarida xalq meьmorchilik san’atining badiiy kulolchilik, naqqoshlik, yog‘och, ganch o‘ymakorligi va boshqa ko‘p turlaridan foydalanilgan. Mohirlik bilan terilgan turli rang va har xil shakldagi koshinlar uyg‘unligi hamda nafisligi Farg‘onada kulollik san’ati yuksak darajaga ko‘tarilganidan dalolat beradi.

Ayni kunlarda bu yerda Qo‘qon shahar tarixi va madaniyati davlat muzeyi faoliyat ko‘rsatmoqda. Muzeyga qo‘yilgan eksponatlarni ko‘zdan kechirarkansiz, bu qadim maskanda azaldan ma’rifat va madaniyat, milliy hunarmandchilik taraqqiy etganiga guvoh bo‘lasiz.

– Muzeyimizda 50 mingdan ortiq eksponatlar bor, – deydi Qo‘qon shahar tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori Manzura Mansurova. – Manbalardan ko‘rinadiki, Qo‘qon shahri azaldan o‘ziga xos hunarmand­chilik poytaxti bo‘lib, Marg‘ilon va Namangan ipakchilari shu sha­har bozori­da raqobatlashgan. Chust va Shahrixon pichoqchilari uchun muso­baqa may­doni ham mazkur shahar hisoblangan.

Shuningdek, Rishton va Gʻurumsaroy (Namangan) kulollari ham o‘z mahsulotlarini aynan shu yerda namoyish qilgan. Bugungi kunda muzeyimizda Qo‘qon shahrining milliy hunarmandchiligini tanishtirish maqsadida alohida bo‘lim tashkil etilgan. Arxeologlar tomonidan hunarmandchilikka oid topilgan nodir osori atiqalar ham muzeyimiz ko‘rgazmalaridan joy olgan.

Darhaqiqat, muzeyda Qo‘qon milliy hunarmandchiligini o‘zida aks etgan eksponatlar talaygina. Tarixiy manzillardan topilgan turli taqinchoqlar, tangalar, sopol buyumdan ishlangan ko‘za, lagan kabi eksponatlar sizga tarixdan so‘zlagandek bo‘ladi.

Kandakor usta Mullo Otaullo, yog‘och o‘ymakor usta Qodirjon Haydarov tomonidan tayyorlangan mahsulotlar xorijlik sayyohlarni ham hayratga solmoqda. Oddiy bo‘zga ishlangan kamalak jilosi, iroqi do‘ppilaridagi naqshu nigorlar, shohi so‘zanalarning turfa rang gullari, qo‘yingki qo‘l hunarmandchiligining barcha namunalari ulkan taassurot manbaidir. Yaxshisi, siz ham Qo‘qonga bir keling, bebaho hunarmandchilik durdonalarini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring.